Anna Frank 13 yoshli yahudiy qiz boʻlib, fashistlardan yashirinib yurgan kunlarini kundalikka yozib borgan. Ba'zi asarlarning yozilish tarixi uning qiymatini ancha oshirib yuboradi. Mazkur kundalik butun dunyoda Injildan keyin eng koʻp mutolaa qilingan nobadiiy asar hisoblanar ekan.
Kundalik nisbatan erkin kunlar tasviri bilan boshlanib, keyin taqiq va taqiblar kuchayishi bilan davom etadi. Koʻp oʻtmay oila konslager va oʻlim xavfi tufayli yashirin boshpanaga qochishga majbur boʻladi. Shu joyida yahudiylarning kitobga boʻlgan munosabati e'tiborimni tortdi. Tasavvur qiling, har lahzada ularni oʻldirish yoki olib ketish uchun kelishlari mumkin, butun mamlakatda ular taqibga olingan, eng muhim buyumlarnigina olib tezroq yashirinishlari kerak va shu holatda 13 yoshli Annadan tortib kattalargacha, bari kitoblarni ham oʻzlari bilan olishadi. Yashirinib yotganlarida ham otasi unga ta'lim bermoqchi ekanligini yozadi Anna. Xavfli vaziyatda tashqariga chiqqan kattalar bolalar oʻqishi uchun yangi kitoblar olib kelishadi.
Aynan shu kitobni oʻqish orqali kundalik tutish inson shaxsiyati uchun qanchalik muhimligini anglash mumkin. Kundaliklarda dastlab kunlik voqea - hodisalar joy oladi, keyin esa butun dunyodan nolish boshlanadi. Hammadan norozilik koʻzga tashlanadi, hech kim sizni tushunmayotganday his qilasiz. Ammo keyin kundalikdagi fikrlar teranlasha boshlaydi....